VHP sədri, millət vəkili Sabir Rüstəmxanlının Özbəkistanın “Ozbekiston ovozi” qəzetinə müsahibəsi.

Vatanparvarlik tuyg‘usi insonni buyuk ishlarga, mo‘jizalar yaratishga undaydi

deydi Azerbayjan xalq yozuvchisi, Azerbayjan Milliy Majlisi deputati Sobir Rustamxonli

— Men O‘zbekistonga ilk bor 1985 yilda jurnalist sifatida kelgandim. U paytlarda Azerbayjanning «Adabiyot va san’at» gazetasida ishlar edim, — deydi u. — Safardan ko‘z­langan maqsad Samarqandni ko‘rish edi. O‘shanda mo‘‘jizalar shahri Samarqand haqida maqola yozganman. Keyinchalik «Umr kitobi» nomli asarimda ham Samarqand xotiralarini yodga olgandim. Ayniqsa, Af­ro­siyob, Ulug‘bek observato­riya­si, Shohi Zinda, Go‘ri Amir maqbarasi va albatta, Registon maydoni menda chuqur taassurot qoldirgandi. O‘sha paytda Samarqandni o‘rganish uchun turli mamlakatlardan olimlar kelgan ekan. Men ular bilan ham suhbatlashib kitobimga kiritganman. O‘z­bekistonga bo‘lgan ilk tashrifim xotiramdan hech qachon o‘chmaydi.

2004 yilda ikkinchi marta Toshkentga parlament saylovlari paytida kuzatuvchi sifatida kelganman. Poytaxtdan tashqari Namangan va Andijonga ham borgan edik. Bundan tashqari, mening iltimosim bilan Buxoro va Xiva shaharlarini ham ziyorat qildik. Samarqand, Buxoro va Xiva nafaqat O‘zbekistonning, balki butun dunyoning marvaridi hisoblanadigan tarixiy shaharlardir.

O‘zbekistonlik yaqin do‘stlarim mening «Ko‘k tangri» kitobimni o‘zbek tiliga tarjima qilishdi va uning taqdimotida qatnashish uchun yana keldim. Taqdimot marosimida o‘zbekistonlik ko‘plab adabiyot darg‘alarining ishtirok etgani ko‘nglimni ko‘tardi. Ushbu tadbirda Azerbayjanning klassik shoiri Fuzuliyning g‘azallar to‘plami ham taq­dim etildi. O‘ylaymanki, O‘z­bekistonda Fuzuliyni Azerbayjandagidan kam sevishmaydi. Navoiyga qanday ehtirom ko‘rsatishsa Fuzuliyni ham shunday e’zozlashadi.

— Yuqorida yurtimizning qadimiy shaharlarida bo‘lganingiz haqida gapirdingiz. Poytaxtimiz Toshkent to‘g‘risida qanday fikrdasiz?

— Men bu safargi tashrifimda Toshkentda qanchalik keng ko‘lamda ishlar olib borilayotganining guvohi bo‘l­dim. Yo‘llar keng va ravon, shaharning tarixiy qismlari, ko‘ngilochar bog‘lar saqlanib qolgan.

Yana bir narsani alohida ta’kidlashni istardim, o‘zbek xalqi o‘zining tarixiga hurmat bilan qaraydi. Sovet tuzumi davrida tazyiq o‘tkazish evaziga sizlarning tarixingiz soxtalashtirilgan. O‘sha davrda chop etilgan ensiklopediya­ga Amir Temur nomi kiritilmagandi. Bu esa tarixga nisbatan juda katta nohaqlik edi. Bugun shahar markazida buyuk sarkarda Amir Temurning haykali savlat to‘kib turibdi. Bu galgi kelishimda Nizomiy nomidagi pedagogika universitetiga ham bordim. Uning oldida buyuk azer shoiri Nizomiy Ganjaviyning ajoyib hay­kali ishlangan ekan. Men bundan nafaqat ich-ichimdan xursand bo‘ldim, balki shunday shoirning vatandoshi ekanimdan g‘ururlandim. O‘z navbatida bu ehtirom uchun o‘zbek xalqiga, O‘zbekiston hu­kumatiga tashakkur izhor qi­laman.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga ham bordim. Bu dargoh yurtingizning buyuk tarixini o‘zida mujassam eta olgani bilan aha­miyatli deb o‘ylayman. U yerdagi bir-biridan noyob eksponatlarni maroq bilan tomosha qildim. Kunning ikkinchi yarmida esa do‘stlarim meni «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyiga olib borishdi. Juda ham go‘zal majmua yaratilibdi. Yana bir narsani alohida ta’kidlashni istardim, ushbu majmuani kuzatish jarayonida qadimiy o‘zbek me’morchiligining zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashgan ko‘rinishiga guvoh bo‘ldim. Yog‘och o‘ymakorligining mahsuli bo‘lmish ustunlarga qaragan kishi hayratlanadi. Ichkarida esa mustabid tuzum qurbonlari aks etgan suratlar bor. U davrlar juda og‘ir bo‘lgan. Buni nafaqat o‘zbek xalqi, balki azerbayjan xal­qi ham boshidan o‘tkazgan.

Bundan tashqari, Ikkinchi jahon urushi ham bizning qalbimizda bitmas yaralarni qol­dirgan. O‘shanda qanchadan-qan­cha kavkaz xalqlari O‘zbekiston­ga yoppasiga ko‘chirilgan. Mehmondo‘st o‘zbek xalqi ularni quchoq ochib kutib olgan.

Sobiq ittifoq mafkurasining eng razil tomoni xalqni o‘z o‘tmishidan uzoqlashtirish bo‘lgan. Ya’ni ularga manqurtlar kerak edi. O‘zining mustaqil fikri yo‘q, kitob o‘qimagan, hayot haqida tasavvurga ega bo‘lmagan odamlarni istalgan tomonga boshqarish mum­kin. Ular aynan o‘sha qabih yo‘l­dan foydalanishgan.

Mustaqillik maydonini aylanishni ham yoddan chiqarmadim, albatta. Markazga o‘rnatilgan Mustaqillik va ezgulik monumentining bir qismi bo‘lgan ona va bola haykali go‘zal ishlangan. Ushbu maydon O‘zbekiston mustaqilligining ramzi. Aynan siz yoshlar mustaqillikning abadiyligini ta’minlashingiz kerak. Bilasizmi, maydonda menga eng ma’qul kelgan joy qayer bo‘l­di? Xotira maydoni. Bu maydonda Ikkinchi jahon urushi qurbonlarining ismi yozilgan ramziy kitoblar bor ekan. Bunday katta ko‘lamdagi ishni amalga oshirish ota-bobolarga ko‘rsatilgan juda katta hurmat belgisi. Motamsaro ona haykali juda ham ta’sirchan ishlangan.

Men Toshkentni aylangan paytimda ko‘plab kitob do‘konlariga kirdim, tarixiy obidalarni aylandim. Va O‘zbekistonda ma’naviyat masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganiga amin bo‘ldim. Maktab darsliklarini ham kuzatdim. 5-6 sinfdan boshlab ma’naviyatga oid darslar o‘tilar ekan. Bu juda ham to‘g‘ri qaror. Chunki o‘sib kelayotgan avlodlar o‘zlarining buyuk ma’naviy qadriyatlaridan xabardor ulg‘ayishlari kerak, ajdodlariga munosib bo‘lib voyaga yetishlari zarur. Ota-bobolaringiz ularni eng mukammal holatda sizga yetkazganlar. Sizlar ham o‘z navbatida avlodlarga qoldirishingiz kerak.

Eng asosiy jihatni ham ­aytib o‘tay. Men Prezident Islom Karimovning «Yuksak ma’naviyat yengilmas kuch» asarini azer tilida o‘qib chiqdim. Bu kitobni men ma’naviyatga kirishning kaliti deb hisoblayman. Yoki masalaga boshqacharoq yondashadigan bo‘l­sak ma’naviyat masalalari Islom Karimovning ana shu kitobidan boshlanadi. U ma’naviyatga bag‘ishlangan eng mukammal asar.

Men Toshkentga ko‘p marta kelganimni yuqorida aytdim. Lekin har safar yangi taas­surotlar og‘ushiga tushib qolaman. Odamlar ochiqko‘ngil, mehmondo‘st. Toshkent ozoda shahar. Eng asosiysi tinchlik hukmron. Odamlar bir-biri bilan o‘zaro hurmatga qat’iy rioya qilgan holda muomalada bo‘lishadi. Xalqingizni ma’naviyati yuksak ekani ham yaqqol ko‘rinib turibdi.

— Siz yozuvchi bo‘lish bilan birga Azerbayjan Milliy Majlisining deputati hamsiz. Siyosatchi sifatida O‘zbekiston va Azerbayjanning aloqalarini qanday baholaysiz?

— Bir gal O‘zbekiston Prezidenti Azerbayjanga tash­rifi sharafiga uyushtiril­gan marosimda men ham qatnashganman. O‘shanda Prezidentingizning azerbayjan ­xalqi sha’niga aytgan samimiy gaplari bir umrga yodimda saq­lanib qolgan. Shuningdek, Bokuda Navoiy hayka­lining ­ochilish marosimida Islom Karimovning chiqishi juda ham ta’sirli bo‘lgan edi. O‘shanda biz bu inson azerbayjan xal­qini qanchalik sevishini, hurmat qilishini his qilgandik.

Shuningdek, Azerbayjanda O‘zbekiston bilan turli sohalarda o‘rnatilgan o‘zaro aloqalar yuksak qadrlanadi. Jahon va mintaqada tinchlik hamda barqarorlikni ta’minlash masalalarida ham ikki davlat rahbarlarining fikri ko‘pincha bir joydan chiqqan.

— O‘zbek adabiyotining hozirgi davr vakillaridan kimlarni taniysiz?

— Ikki qardosh mamlakatning bu sohadagi aloqalari ko‘p asrlik tarixga ega. Bu ezgu an’ana hamon saqlanib kelayapti. Azerbayjanga borishgan paytlarida Normurod Nar­zullayev, Abdulla Oripovlar bilan tanishib, uzoq suhbat qur­ganmiz. Ulardan tashqari Ibrohim Yusupov va Zulfiyaxonim hurmatga loyiq ijodkorlar edi.

Azerbayjanda kitoblari azer tiliga tarjima qilingan o‘zbek adabiyoti namoyandalarini yaxshi bilishadi. Jumladan, Oybek, Mirtemir, Abdulla Qahhor, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon, Maqsud Shayxzodalarni tilga olishim mumkin. Maqsud Shayx­zoda Azerbayjanda tug‘ilgan bo‘lsa ham umrining asosiy qismini O‘zbekistonda o‘tkazdi va o‘zbek xalqining eng sevimli shoirlaridan biriga aylandi. Biz bu bilan faxrlanamiz.

Yaqinda buyuk sarkarda, davlat arbobi Amir Temurning «Temur tuzuklari» kitobi azer­bayjan tiliga tarjima qi­linib, nashr etildi. Bokuda Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi bor. Albatta, Alisher Navoiy haykali­ni ham alohida aytish kerak.

Bizni xursand qiladigan bir jihat borki, O‘zbekistonda chop etiladigan «Jahon adabiyoti» jurnalida azerbayjanlik ko‘plab shoir va yozuvchilarning ijod namunalari e’lon qilinadi. O‘z nav­batida O‘zbekistondagi do‘st­larimiz bizga uni yetkazadilar.

Sobiq ittifoq davrida turmush tashvishlari bilan o‘ralashib qolgan odamlar kitob­dan, tarixdan, ma’naviyatdan, ma’rifatdan uzoqlashdilar. Hozir o‘sib kelayotgan yosh avlod esa kitob o‘qishga qaytayotgani meni quvontiryapti. Bu holatni O‘zbekistonda ham, Azerbayjanda ham kuzatishimiz mumkin.

— O‘zbekiston xalqiga tilaklaringiz?

— Qardosh xalqlar ko‘p. Lekin ular orasida o‘zbek va azerbayjan xalqlari kabi yaqin bo‘lgani kam topiladi. Istardimki, ikki davlat o‘rtasida aloqalar faqat mustahkamlansin, yangi darajalarga ko‘tarilsin, yuksalsin. O‘zbek yoshlari Amir Temurning, Ulug‘bekning avlodi ekanliklarini hech qachon unutishmasin. Ularga munosib bo‘lishga doimo intilishsin. Inson hayotda biror-bir narsaga erishishni istasa unda eng avvalo, vatanparvarlik tuyg‘usi kuchli bo‘lishi kerak. Ana shu tuyg‘u sizlarga doim hamroh bo‘lsin.

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Temur A’ZAM suhbatlashdi

http://www.uzbekistonovozi.uz/uz/articles/index.php?ELEMENT_ID=4487

Comments are closed.